Ona tabiatni asrab-avaylash — muqaddas burch

Yangilanish va yasharish, mehr-muruvvat va ezgulik ayyomi — Navro‘z yurtimizning barcha hududlarida ko‘tarinkilik bilan keng nishonlandi. Istirohat bog‘larida, dala-yu qirlarda sayllar tashkil etildi, bahoriy taomlar tayyorlanib, yoshi ulug‘ keksalar holidan xabar olindi.

Davlatimiz rahbari Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida xalqimizni sharqona yangi yil bilan samimiy muborakbod etish bilan bir qatorda “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan ezgu g‘oya atrofida birlashgan oliyjanob xalqimizning mehnati bilan mamlakatimizda barpo etilayotgan obyektlar, amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ham alohida qayd etildi.

Yurtboshimiz atrof-muhit, ekologiya masalalariga to‘xtalib, “Navro‘zi olam bizni butun borliqni, avvalambor, yer va suv, hayvonot va o‘simlik dunyosini, sof havoni asrab-avaylab, ona tabiatga mehribon farzand bo‘lib yashashga da’vat etadi. Ana shunday ezgu chorlovga javoban bugungi kunda yurtimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, Navro‘z hasharlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, “Yashil makon” loyihasi doirasida millionlab mevali va manzarali ko‘chatlar ekilmoqda, yangi bog‘u rog‘lar barpo etilmoqda.”, — deya urg‘u berdi.

Shu o‘rinda Prezidentimiz an’analarga sodiq qolgan holda shaxsiy namuna sifatida keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda Toshkent shahrining Sergeli tumanida tashkil etilayotgan “Yoshlar bog‘i”da daraxt ekish tadbirida ishtirok etganligini alohida qayd etish lozim.

“Hammamiz bugun ulug‘ ayyom Ramazon oyida, Navro‘z bayrami arafasida hayotimizni, ertangi kunimizni o‘ylab daraxt ekyapmiz. Bu daraxtlarni yaxshi niyatlar bilan farzandlarimizga, nabiralarimizga mulk bo‘lib qolishi uchun ekamiz” dedi davlatimiz rahbari tadbir ishtirokchilariga.

Darhaqiqat, bugungi global iqlim o‘zgarishlari sharoitida azaliy an’analarimiz va qadriyatlarimiz asosida yashillikni ko‘paytirish, daraxt va buta ko‘chatlarini ekish orqaligina musaffo tabiatni kelajak avlodga yetkazishimiz mumkin.

Binobarin, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kamida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar ko‘chatlarini, qalamchalarini ekish va respublikada 444 ta yashil bog‘lar barpo etish belgilangani bejiz emas. Zero, yashil olam musaffo tabiatning asosiy ildizidir. Ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan salobatli dov-daraxtlar, ko‘kalamzor joylar ko‘zni yashnatishi barobarida havo musaffoligini ham ta’minlaydi.

Tabiiy drenaj hisoblangan ko‘p yillik daraxtlarning ekilishi hududdagi mikroiqlimni yumshatadi. Ko‘kalamzorlashtirilgan hududlarni, ayniqsa, туман va avtomobil yo‘llari chetida yashil hududlarni kengaytirish atmosferaga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini kamaytiradi. Borliqning yashillikka burkanishi aholi salomatligini saqlashning asosiy omillaridan biridir. Shuningdek, yashillik darajasini oshirish ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilib, global iqlim o‘zgarishlarni oldini olishdagi milliy yechim hisoblanishi bilan ahamiyatlidir.

Shunday ekan, milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizga sodiqlik timsoli sifatida mamlakatimiz hududini bog‘u-bo‘stonga aylantirishga yo‘naltirilgan “Yangi makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish tadbirlarida faol ishtirok etishimiz maqsadga muvofiq. Shu orqali Yangi O‘zbekistonning “yashil” taraqqiyoti uchun hissa qo‘shish barchamizning muqaddas burchimizdir.

Muxtasar aytganda, ushbu ezgu maqsadlarning amalga oshirilishi mahallalarimizga fayz bag‘ishlovchi yashillikka burkangan yangi bog‘-rog‘lar barpo etilishiga, hududlar iqlimini mo‘tadil saqlashga, tabiatni asrashga, aholi salomatligini yaxshilashga, xalqimiz farovonligini kafolatlashga xizmat qilishi bilan bir qatorda fuqarolarning Konstitutsiyada beligilab qo‘yilgan har kim qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqini ta’minlaydi.

M.Yormatov

Xalq deputatlari

Angor tumani Kengashi

kotibiyati mudiri