O‘z bolangni o‘zing asra
Bugun internet tarmoqlari yoki ommaviy axborot vositalari orqali turli qo‘poruvchilik, terroristik, ekstremistik harakatlar sodir etilgani haqida eshitib qolamiz. Tinch va osoyishta umrguzaronlik qilayotgan insonlarga qirg‘in solish, ularning moli, joniga tahdid qilish albatta xunrezlikdan boshqa ish emas. Ammo, bunday nobakorliklarni muqaddas islom dini nomi bilan bog‘lashlari har bir musulmon insonning nafratini qo‘zg‘atadi. Asl maqsadi moddiy naf ko‘rish, gunohi kabiraga qo‘l urib bo‘lsada boylik orttirish istagida g‘alamislar e’tiqodi mo‘rt yoshlarni o‘z domiga tortayotgani ham bor gap. Eng achinarlisi, g‘o‘r yoshlarni soxta da’volar bilan avrayotgan kimsalar nafaqat ularning qo‘liga qurol berib, begunohlarga zulm qilish va dahshat solishga undamoqda. Balki, o‘z jonlarini ham ayamay, buzg‘unchilikni kasb etgan kimsalarga sadoqat ko‘rsatishga undamoqda. “O‘z joningni fido qilib, islom dinining rivojiga hissa qo‘sh”, “O‘z joningdan kechib urushga kir va shahid bo‘l!” singari aldovlarga uchib, umri xazon bo‘lganlar ham afsuski yo‘q emas.
Aslida inson bolasiga o‘zganing ham, o‘zining ham joniga qasd qilish buyurilmagan. Imom G‘azzoliyning “Ayyuhal valad” (“Ey, farzand”. “Movarounnashr” nashryoti 2005-yil. Toshkent.) asarida esa bunday deyiladi:
Vujud insoniyatga Alloh bergan bir omonat hisoblanadi. Demak, vujuddagi a’zolar ham Allohning omonatidir. Omonatga xoinlik, ya’ni xiyonat qilinmaydi. Bu xususida Rasululloh (s.a.v) marhamat etadilar:
“Ummatim ustida shunday bir zamon keladiki, omonatlar saqlanmaydi (himoya qilinmaydi!)”.Bu hadisi sharifni eshitganlar Payg‘ambarimizdan (s.a.v) “omonatdan murod nima?” deb so‘rashdi. Rasululloh (s.a.v) marhamat etdilar:
“Qo‘l - insonga Alloh tomonidan berilgan omonatdir. U bilan harom narsaga yopishmaslik kerak.
Oyoq - insonga Alloh tomonidan berilgan omonatdir. U bilan haromga yurmaslik, haromga bormaslik kerak. Tanosil a’zolari omonat. Ular bilan zino qilmaslik lozim.
Barcha a’zolar Allohning omonatidir. Ular bandalik xizmatida, foydali ishlarda qo‘llash kerak. Shunday ish tutgan kishi kafolat ostida bo‘lganidek, o‘zi ham ishonchli, eminlardan bo‘ladi. Aks holda xoinlardan bo‘ladi”. Bundan ko‘rinadiki, bema’ni maslak uchun, ayniqsa, johillikka xizmat qiladigan ish uchun o‘z joniga qasd qilish xoinlikdir. Aslida esa, o‘z yurtiga, tuz totgan dasturxoni, voyaga yetkazgan ota-onasiga qarshi borib, soxta da’vo qiluvchilarga ergashishning o‘zi ham katta gunoh va xoinlikdir. Xoinlar esa hech vaqt kechirilmagan.
Albatta, tarbiya nasihat bilan! Xonadonda voyaga yetayotgan farzandlarning faqatgina moddiy ehtiyojlarini ta’minlab, ularning qalbi bilan o‘rtoqlashmagan, dilida kechayotganlari bilan qiziqmagan, orzu va istaklari bilan hisoblashib, o‘z hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashmagan inson qattiq adashadi. Xolbuki, tarbiyaga vaqt topilmas ekan, buning uchun atay vaqt ajratadigan, o‘z domiga tortib ketishga shay turgan qora kuchlar bisyordir. Prezidentimizning “O‘z bolangni o‘zing asra” shiori ostida yoshlar tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirayotganlari ham aslida ana shunday xavfu-xatardan himoyalanishni nazarda tutadi. Zotan ogoh bo‘lish va ogoh etishning eng samarali usuli barchaning eng birinchi qadamni xonadonida tashlashidir.
Farzandi, oila a’zolari, qavmu-qarindoshidan ogoh bo‘lgan, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan insongina tinchlik va xotirjamlik uchun katta hissa qo’shgan odamdir.
Gulnoza Majidova.
Ўзбекча
Русский
English