Mustahkam oila — jamiyat poydevori
Oila-jamiyat asosi, ulkan ijtimoiy kuch hisoblanadi. Unda ajdodlarimiz merosi, bugunimizning oydin sahifalari, ertangi kunimiz umidi bor. Biz shu oilada kelajagimiz egalari, millatimiz vorislarini tarbiya qilamiz. Bu muqaddas dargohda kechagina beshikni tebratib, bag‘rimizga bosib, ovutganlarimiz– farzandlarimiz o‘smoqda. Ona O‘zbekistonimizda ham oila hamisha muqaddas sanalgan. Oilani qo‘llab-quvatlash va bola manfaatlarini muhofaza qilishga qaratilgan konstitutsiyaviy normalar qator qonun va qonun osti hujjatlarida o‘z aksini topgan.
Farzandlari sog‘lom yurtning ertasi ulug‘, maqsadi ravon bo‘ladi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida farzandning sog‘lom va barkamol bo‘lishida oilaning o‘rni naqadar beqiyos ekanligini ko‘rsatib, “Sog‘lom bolaning dunyoga kelishi, baquvvat bo‘lib o‘sib-ulg‘ayishi ko‘pgina talab va omillarga bog‘liq ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.
Lekin ular orasida shunday o‘ta muhim, hal qiluvchi mezonlar borki, bu haqda alohida to‘xtalish o‘rinli, deb bilaman. Biz oilani hayot davomiyligini ta’minlaydigan, kelajak nasllar taqdiriga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan tarbiya maskani sifatida qabul qilamiz. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, odamiylik, mehr-oqibat, o‘z Vataniga, xalqiga sadoqatli bo‘lish kabi olijanob fazilatlar aynan oila muhitida shakllanadi.
Shuning uchun ham oilani barkamol, sog‘lom avlodni voyaga yetkazishdagi ahamiyati beqiyosdir”, deb ta’kidlab o‘tadilar. Oilaning asosiy vazifasi ham jamiyatga fidoyi komil insonlarni yetishtirib berishdan iborat. Zero, sog‘lom bola bu sog‘lom oilaning mevasidir. Sog‘lom inson deganda, faqat jismoniy sihat-salomatlikni emas, balki o‘zbek xalqiga xos sharqona odob-axloq, milliy g‘oya va bag‘rikenglik, insonparvarlik kabi ezgu his-tuyg‘ular ruhida kamol topgan ma’nan yetuk insonni tushunishimiz mumkin. Zero, ma’naviy sog‘lom insonlar avvalo yurt tinchligi, xalq farovonligi va xalqning ertangi kuni uchun qayg‘ura oladilar. Bevosita oiladagi sog‘lom muhit, sog‘lom mafkura, ma’naviy sog‘lom insonning tayanch manbaidir deya olamiz. Jamiyatimiz mustahkam tayanchi bo‘lmish oila nafaqat ertangi kun shaxslarini tarbiyalaydi, balki vatan va ertangi kun uchun qayg‘ura olish qobiliyatini ham shakllantira olishi shubhasizdir.
Sh.Rahmonova,
Angor tuman FHDYO bo‘limi mudirasi
Ўзбекча
Русский
English