KUNDALIK HAYOTDA KO‘P KITOB O‘QISHNING AMALIY QADRI
Mashhur adib Deni Didro “Odamlar kitob o‘qimay qo‘ysalar, fikrlashdan ham to‘xtaydilar”, deb ta’kidlagan edi. Garchi bu fikr bir necha asr muqaddam aytilgan bo‘lsa-da, bugun ham o‘zining ahamiyatini, ma’nosini yo‘qotgani yo‘q.
Hammamiz kitob o‘qishning foydali ekanligini eshitganmiz.
Lekin uning foydaliligi aynan nimada?
Xotirjam bo‘lish va uxlashga yordam beradigan eng yaxshi usul kitob o‘qishdir. Televizor yoki telefondan tarqalayotgan yorqin nur miyaga uyg‘onish kerakligi haqida signal yuboradi. Kitob o‘qish esa aksincha ta’sir ko‘rsatadi – miya uxlash vaqti bo‘lganligini tushunadi.
Asabingizni tinchlantirish uchun sayr qilish yoki musiqa tinglashni afzal ko‘ramiz. Kitob o‘qish asabni tinchlantirishda eng samarali usul. Atigi olti daqiqa kitob o‘qish asabiylashishga barham beradi. Kitob o‘qish jarayonida o‘quvchi qahramonlar bilan birga bo‘ladi. Ularning quvonch va tashvishlariga sherik bo‘ladi. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, badiiy asar o‘qigan odam hayotda ham boshqalarning his-tuyg‘ularini yaxshi tushunar ekan.
Yuqori darajadagi aqliy salohiyat insonning tashqi ko‘rinishini ham go‘zallashtiradi. Har qanday mavzuda qiziqarli suhbat qura olish va o‘z bilimini namoyish etish suhbatdoshining mehrini qozonishga yordam beradi. Har safar kitob o‘qilganida miya faol ishlaydi. U olinayotgan ma’lumotni saqlash uchun yangi tolalarni yaratadi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, doimiy ravishda kitob o‘qiydigan insonlarda fikrlash qobiliyati boshqalarga nisbatan sekinroq pasayadi. Mutolaa hayotdagi maqsadini anglashga va qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi. Mutolaa so‘z boyligini oshiradi. Kitob o‘qiyotgan paytda notanish so‘zlar ham uchrab qoladi.
Ularning ma’nosini umumiy mazmuni orqali ham tushunib olsa bo‘ladi. Kitob o‘qish nafaqat so‘z boyligini ko‘paytiradi, balki umumiy savodxonlikni ham oshiradi.
Kitob o‘qiydigan insonlar hayotda faol bo‘lishadi. Kitob o‘qish jarayonida muallifning yozish uslubi ham o‘quvchiga ta’sir ko‘rsatadi. Musiqa tinglash jarayonida musiqachining uslubi tinglovchiga o‘tgani singari yozuvchining uslubi ham o‘quvchining yozish uslubiga ta’sir o‘tkazadi. Miya ham xuddi boshqa a’zolar singari qo‘llab-quvvatlashga va mashqlar yordamida mustahkamlanishga muhtoj bo‘ladi. Kitob o‘qish esa bu borada eng samarali usuldir.
Kitob o‘qish chet tilini o‘rganishni osonlashtiradi. Doimiy ravishda kitob o‘qish boshqa tillarni o‘rganishda yangi so‘zlarni oson tushunishga va yodda saqlab qolishga yordam beradi.
Birgalikda kitob o‘qish ota-onalar va bolalarning o‘zaro munosabatlarini yaxshilaydi. Psixologlar birgalikda kitob o‘qish jarayonida ota-onalar va bolalar o‘rtasida o‘ziga xos munosabat o‘rnatiladi deb hisoblashadi.Ularning aytishlaricha, bunday munosabat birgalikda televizor ko‘rganda aslo paydo bo‘lmaydi. Ko‘p kitob o‘qiydigan bolalar darslarni yaxshi o‘zlashtirishadi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, kitob o‘qishni xush ko‘radigan bolalar maktabda ham yaxshi o‘qishadi. Ular grammatikani ham, matematikani ham yaxshi o‘zlashtirishadi.
Albatta, kundalik turmushimizda internet va boshqa ommaviy axborot vositalarining roli tobora oshib borayotgan bir sharoitda ham kitob mutolaasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Afsuski, bugun nafaqat yoshlarni, balki katta avlod vakillari ham bu ma’naviy mashg‘ulot bilan muntazam shug‘ullanayapti, deyishdan yiroqmiz… Sir emaski, bugun ilgarigidek faqat tom-tom asarlar chiqarish bilan ish bitmaydi. Noqulayroq bo‘lsa ham, o‘zimizga bir savolni berib ko‘raylik: keng kitobxonlar, ayniqsa, hozirgi yoshlar bu asarlarni o‘qiyaptimi? To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, yoshlar bugun axborot va ma’lumotlarni asosan Internet orqali olyapti, dunyoni televidenie, kompyuter orqali taniyapti. Ota-onasi, o‘qituvchilari ming targ‘ib-tashviq qilmasin, bugungi yoshlar “O‘tkan kunlar”, “Urush va tinchlik” kabi mumtoz romanlarni yoppasiga o‘qiyapti deb ayta olmaymiz. Hozir farzandlarimizga uyali telefon o‘rniga birorta yaxshi asar sovg‘a qilishsa, o‘sha farzand o‘qimaydi, deysizmi? O‘qiydi.
Bizda esa aksincha, kitob emas, balki kompyuter, televizor, radio va boshqa buyumlar sovg‘a qilish odatga aylangan. Vaholanki, hozirda kitoblar ham shunaqa chiroyli, go‘zal chop etilayaptiki, ularni bemalol sovg‘a sifatida ham topshirish mumkin. Kitob saodat topish uchun o‘qilmaydi. Unutmaslik kerakki, kitob o‘qishning o‘zi bir oliy saodatdir.
D.Xo‘janova,
Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Angor tuman bo‘linmasi raisi
Ўзбекча
Русский
English