Inson hayoti va erkinligi – eng oliy qadriyat
Bugungi kunda odam savdosining ko‘plab turlari mavjud. Bular: shahvoniy ekspluatatsiya, mehnat ekspluatatsiyasi, chaqaloq va bola savdosi, inson a’zolarining noqonuniy transplantatsiyasidir.
Shahvoniy ekspluatatsiya odam savdosining eng keng tarqalgan ko‘rinishi bo‘lib, jabrlanuvchilar zo‘ravonlik, tahdid yoki aldov yo‘li bilan fohishalikka yoki boshqa turdagi intim xizmatlarga majburlanadi. Bunda jabrdiydalar nafaqat jismoniy salomatligini yo‘qotadi, balki ruhiy iztirob, qo‘rquv va kemtiklik hissi bilan yashashga majbur bo‘ladi.
Mehnat ekspluatatsiyasi jinoyatida esa odamlar ko‘pincha katta pul topish ilinjida chet elda yuqori maoshli ish va’dasiga ishonib, o‘z xohishi bilan yo‘lga chiqishadi.
Oxir-oqibat esa hujjatlaridan mahrum etilib, og‘ir mehnatga majburlanadi. Ularga mehnati uchun pul to‘lanmaydi yoki juda kam haq to‘lanadi. Bu faqat moddiy zarargina emas, inson qadrining toptalishi va hayotining izdan chiqishi demakdir.
Odam savdosining yana bir dahshatli ko‘rinishi – bolalar, ayniqsa, chaqaloqlarning noqonuniy savdosi. Bolalarni asrab olish bahonasida sotish, yaqinlaridan ajratib noinsoniy maqsadlarda foydalanish – bu nafaqat qonunga zid, balki axloq va insoniylikni sinovga qo‘yadigan og‘ir jinoyat turidir. Bola huquqlari bu kabi holatlarda to‘liq inkor qilinadi, ular mehr va erkin hayotdan mahrum bo’ladi. Bu esa kelajakda jamiyatning ma’naviy asoslariga ham jiddiy tahdid soladi.
Inson a’zolarini noqonuniy transplantatsiya qilish jinoyati odatda og‘ir sharoitdagi aholi vakillari orasidan tanlab olinadi. Bu orqali qalloblar katta pul topishni ko‘zlab, minglab begunoh insonlar hayotidan kechishiga sababchi bo‘ladi. Mazkur jinoyatning oqibati hayotiy xavf, nogironlik, turmush sifatining yomonlashishi va jamiyatda qo‘rquv muhitining paydo bo‘lishi bilan yakunlanadi.
Bugungi kunda ko‘plab xalqaro hujjatlarda nazarda tutilgan normalar milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilingan. Xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘ttizdan ortiq ikki tomonlama shartnoma va bitimlar imzolangan. Keyingi yillarda respublikamizda odam savdosiga qarshi kurashish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Jumladan, 2020-yilning 17-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilingan. Uning asosiy maqsadi – odam savdosiga qarshi kurash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir. Ushbu qonun asosida 2023-yil 21-dekabr kunidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyasi Oliy Majlisi Senati Raisi rahbarligida qayta tashkil etildi. Mazkur farmon bilan Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy ma’ruzachi instituti ta’sis etildi. Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalarga hududlarda hokimlar rahbarlik qiladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-fevraldagi “Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajadagi qayta yo‘naltirish tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu tizim jabrlangan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish tartibini belgilaydi. Odam savdosidan jabr ko‘rganlarga har tomonlama yordam ko‘rsatish va ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish maqsadida, Toshkent shahrida respublika reabilitatsiya markazi faoliyat yuritib kelmoqda.
2013-yildan boshlab har yili jahonda 30-iyul – “Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni” deb e’lon qilinib, uning asosiy maqsadi – odam savdosi muammosiga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish, odamlarni xabardor qilish va jabirdiydalarga yordam berishga chaqirishdan iboratdir.
Umuman aytganda, odam savdosiga qarshi kurashish faqat davlat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas, balki barchamizning umumiy burchimizdir. Chunki inson hayoti va erkinligi – eng oliy qadriyatdir.
U.JO‘RAYEV,
Surxondaryo viloyati Transportda XTB TG katta tergovchisi
Ўзбекча
Русский
English