Aniq maqsadlar bilan
Mamlakatimizni ilg‘or, rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish va xalq farovonligini yanada yuksaltirish O‘zbekistonning bosh strategiyasidir. Shu maqsadda, yurtimizda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. 2023-yil 30-aprelda o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy asoslari yaratib berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatimizni yuqori taraqqiyotga erishish yo‘llarini belgilab berdi.
Prezidentimizning “O‘zbekiston-2030” strategiyasida barcha fuqarolarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyatlar yaratish, sog‘lom va bilimli avlodni tarbiyalash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish hamda adolat, qonun ustuvorligi va xavfsizlikni kafolatlash maqsadlari aniq belgilab berilgan.
Tarixdan ma’lumki, har qanday davlatda taraqqiyotning asosini ilm-fan belgilab beradi. Bilimli, ilm-ma’rifatli, iqtidorli kishilarni tarbiyalamasdan turib, taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Mamlakatimiz strategiyasida insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish, ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning to‘liq qamrovini ta’minlash alohida belgilab berilgan.
Buning uchun bolalarni maktabgacha ta’lim va tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 100 foiz kompyuter sinfi bilan ta’minlash orqali tarbiyalanuvchilarda boshlang‘ich kompyuter savodxonligi ko‘nikmalarini shakllantirish va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 100 foiz toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiena infratuzilmasini bilan ta’minlash vazifalari ko‘ndalang qo‘yilgan. 700 ga yaqin nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, pedagoglar uchun o‘quv qo‘llanmalari va mobil ilovalari yaratish, barcha umumta’lim maktablarida o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish kurslarini joriy etish, maktablarni chinakam ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat o‘chog‘iga aylantirish uchun ta’lim-tarbiyaning interaktiv usullarini joriy etish vazifalari ilgari surilgan.
Strategiyada belgilab berilgan vazifalarni aniq va o‘z vaqtida amalga oshirish tegishli vazirlik va idoralar zimmalariga yuklatilgan. O‘ylaymizki, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilab berilgan vazifalarni respublikamizning barcha joylarida, har bir ilm muassasasi, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalarida amalga oshirishda pedagog-kadrlar salohiyatini yuksaltirish muhim vazifalardan biri bo‘lib turibdi.
Farhod HAZRATQULOV,
Xalq deputatlari Angor tuman Kengashi deputati
Ўзбекча
Русский
English