AJDODLAR MEROSI – KELAJAK POYDEVORI
Har bir xalqning o‘ziga xos tarixi, madaniyati va boy merosi mavjud. Bu bebaho meros – ajdodlardan qolgan ilmiy, madaniy, ma’naviy, me’moriy va urf-odatlar majmuasidir. Xalqimiz asrlar davomida ana shu merosni yaratgan, uni asrab-avaylagan va keyingi avlodlarga ishonch bilan topshirgan. Shu boisdan ham ajdodlar merosini o‘rganish va uni rivojlantirish har birimizning muqaddas burchimizdir.
Ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan buyuk asarlar, yodgorliklar, xalq og‘zaki ijodi namunalari – bularning barchasi biz uchun tarixiy saboq, ma’naviy boylikdir. Imom Buxoriy, Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy kabi allomalar ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar. Ularning asarlari nafaqat o‘z davrida, balki hozirgi zamonda ham ilmiy salohiyatga ega. Bu – o‘z navbatida, ajdodlar merosining vaqt sinovidan o‘tganini anglatadi.
Bugungi kunda ajdodlarimiz qoldirgan bu boyliklar zamonaviy taraqqiyotimizga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Masalan, xalq me’morchiligi, hunarmandchiligi, qadimiy yozma manbalar orqali biz milliy qadriyatlarimizni chuqurroq anglaymiz. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida bu merosni keng targ‘ib qilish, ularni tariximizga hurmat ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu jihatdan qaraganda, ajdodlar merosi – bu nafaqat o‘tmishning aks-sadosi, balki kelajak poydevoridir. Chunki bu merosni chuqur o‘rganib, undan saboq olgan holda, yangi bosqichga chiqish mumkin. Ma’naviyatga boy, tarixidan faxrlanadigan xalqgina mustahkam jamiyat barpo eta oladi. Shu munosabat bilan Angor tumanidagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatida «Ajdodlar merosi kelajak poydevori» mavzusida 6-7-sinflar o‘rtasida tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirga Angor tumani Axborot kutubxona markazi, “Ayol va shodlik” NNT rahbarlari taklif etildi. Tadbir davomida o‘quvchilar jadidlar haqida she’rlar va allomalar ijodidan namunalar keltirishdi. Behbudiyning «Padarkush» drammasidan sahnaviy ko‘rinishlar namoyish etildi. Jadidlar haqida kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. Tadbirda faol ishtirok etgan o‘quvchilarga maktab ma’muriyati tomonidan rag‘batlantiruvchi esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirni ko‘tarinki ruhda tashkil etib, yuqori tashkilotchilik tashabbuslarini namoyon qilgan tarbiyachi pedagoglarga Angor tumani Axborot kutubxona markazi, “Ayol va shodlik” NNT tashkilot rahbarlari tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
P.Yakubova,
Angor tuman alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab internati tarbiyachisi
Ўзбекча
Русский
English