“2024 yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-70-son, 30.04.2024 y.) qabul qilindi

Farmonga ko‘ra, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi (Dastur) doirasida, quyidagilar amalga oshiriladi:

-hududlarda 100 mingta kvartiradan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar quriladi;

-qurilish tashkilotlariga bozor tamoyillari asosida ajratilgan kreditlar bo‘yicha kompensatsiya va kafilliklar icha taqdim etiladi;

-ko‘p qavatli uy-joylar qurish jarayonlariga “yashil” uy-joy standartlari joriy qilinadi;

-ipoteka kreditlarini moliyalashtirishga kamida 17 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi;

-kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga yakka tartibdagi uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun 120 million so‘mgacha ipoteka kreditlari ajratiladi;

-banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlarini Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtirish mexanizmlaridan keng foydalaniladi.

Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etiladi.

Bunda:

-ipoteka kreditlari 120 million so‘mgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan to‘rt foiz bandga yuqori stavkada yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash maqsadlari uchun ajratiladi;

-ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun – ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun – kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya to‘lanadi.

Farmonga ko‘ra, Ipotekani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (Jamg‘arma) tashkil etiladi.

2024 yil 1 maydan quyidagi tartiblar o‘rnatiladi:

-birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishda ipoteka predmetini sug‘urta xavflaridan sug‘urta qilish talabi bekor qilinadi;

-ko‘p qavatli uy-joylarni qurish huquqi “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi elektron reyting bahosi “S” va “SS” bo‘lgan qurilish tashkilotlariga ham beriladi.

Bunda, elektron reyting bahosi “S” bo‘lgan tashkilotlarga 5 qavatdan yuqori bo‘lmagan, “SS” bo‘lgan tashkilotlarga – 9 qavatdan yuqori bo‘lmagan uy-joylarni qurishga ruxsat etiladi;

-2025 yil 1 yanvargacha belgilangan yangi qurilish va maxsus texnikalarning importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi;

-“Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishida ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarining aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun  byudjetdan 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

-qurilish tashkilotlariga Toshkent shahrida – 9 va undan yuqori, boshqa shaharlarda – 7 va undan yuqori, qishloq joylarda – 5 va undan yuqori qavatli uy-joylar qurish uchun ajratilgan milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 24 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga “1+1” tamoyili asosida hududlarning toifasidan kelib chiqib kafillik va kompensatsiyalar taqdim etiladi.

Farmonga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan qurilish tashkilotlariga “yashil” uy-joy standartlari talablari asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan bir foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.

2024 yil 1 oktyabrgacha “yashil” uy-joy standartlari tasdiqlanadi.

2025 yil 1 aprelgacha “yashil” uy-joy standarti talablari asosida qurilgan uy-joylarni sotib olish uchun jismoniy shaxslarga “yashil” ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Angor tumani adliya bo‘limi

FHDY bo`limi mudirasi                                                   Sh.Raxmonova